“BankExpo-2013” - Ko'rgazma natijalari

“BankExpo-2013” - Ko'rgazma natijalari

11 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi, Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etilgan bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari "BankExpo-2013” yillik milliy ko'rgazmasi nihoyasiga etdi.

Ko'rgazmada  “O'zbekiston Respublikasining “Elektron to'lovlar to'g'risida” va “Elektron tijorat to'g'risida” qonunlarini takomillashtirish: amaliyot, muammo va echimlar” mavzuida davra suhbati, tijorat banklari tomonidan zamonaviy bank texnologiyalari: masofadan turib bank xizmatlari ko'rsatish, mobil banking, internet tarmog'ida ishchanlik muhitini yaratish, onlayn rejimida axborotlar olishda veb dasturning ahamiyati, to'lov tizimi yo'nalishida taqdimotlar uyushtirildi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo'llab-quvvatlashning yangi texnologiyalari, mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish, banklarning kredit va depozit siyosati, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish imkoniyatlari, iste'mol va ipoteka kreditlari ajratilishi kabi mavzularda seminarlar tashkil etildi.

 

Ko'rgazma nihoyasida mamlakatimizda tadbirkorlikni moliyaviy-quvvatlash, mikromoliyaviy xizmatlarni kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ta'lim muassasalari bitiruvchilarining tadbirkorlik loyihalarini, shuningdek innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda alohida o'rnak ko'rsatgan va etakchi xalqaro reyting agentliklarining yuqori reyting baholariga muntazam erishib kelayotgan banklar diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

 

Jumladan, OAT "Aloqabank" ko'rgazmaning "Eng yaxshi texnik jihozlangan stend" nominatsiyasida g'olibi bo'ldi. Bundan tashqari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga ajratilgan kreditlar va mikrokreditlar hajmini 2011 yilga nisbatan o'sishini ta'minlagan tijorat banklarining hududiy bo'linmalari o'rtasida “Tadbirkorlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlayotgan eng yaxshi hududiy bank filiali” nominatsiyasida OAT “Aloqabank”ning Farg'ona filiali g'olib deb topildi.

 

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.