Talabalarning eng yaxshi innovatsion loyihasi

Talabalarning eng yaxshi innovatsion loyihasi

2011 yil – “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb e'lon qilinganligi munosabati bilan ochiq aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” oliy o‘quv yurtlari talabalari va kollej o‘quvchilari o‘rtasida:

 «Talabalarning eng yaxshi innovatsion loyihasi» tanlovini e'lon qiladi.

Tanlov respublikaning barcha viloyatlarida ta'lim olayotgan talabalarning biznes-loyihalar tuzish borasidagi mahoratini, ijodiy tafakkurini aniqlash, yoshlarning raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qodir bo‘lgan innovatsion loyihalarini topish, saralash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan iborat yirik loyiha.

Tanlov maqsadi: oliy o‘quv yurtlari talabalari va kollej o‘quvchilarini innovatsion loyihalarini moliyalashtirish yo‘li bilan rag‘batlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish.  

Tanlovda yosh mualliflarning mustaqil loyihalari va jamoa bilan hamkorlikda tayyorlagan loyihalari ham qabul qilinadi. Jamoaviy loyihalarning rahbari va asosiy ishtirokchilarning 50 foizi oliy o‘quv yurtlari talabari va kollej o‘quvchilari bo‘lishi kerak.

Ishtirok etish uchun iqtisodiyotning quyidagi ustuvor yo‘nalishlariga tegishli innovatsion loyihalar qabul etiladi:

- sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish;

- qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash;

- eksportbop yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish;

- yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlarni joriy etish;

- xarid qilinadigan yangi texnologiyalar (shuningdek, patent huquqlarini, ixtirolarni joriy etish uchun litsenziyalar, yangi innovatsion xizmatlar, sanoat mahsulotlari namunalari, foydali andozalar);

- iqtisodiyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa innovatsion g‘oyalar.

Loyihalar amaliy ahamiyati, ishga tushirilganidan keyingi samarasi va uning ayni paytdagi qimmatlilik darajasiga qarab grantlar 3 000 000 (uch million) so‘mdan 10 000 000 (o‘n million) so‘mga qadar moliyaviy ko‘mak ajratish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

•     mahsulot, texnologiya va xizmatlarni zarurligi va yangiligi;

•     mahsulot sotiladigan bozorlar tavsifi va loyihalarni iqtisodiy ko‘rsatkichlari;

•     loyiha ijrochisini iqtisodiy-tashkiliy salohiyati.

Loyiha 6 - 12 oy mobaynida amalga oshirilishi va 3 - 4 yil davomida xarajatlarni to‘liq qoplashi lozim.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:

Birinchi bosqich - OAT “Aloqabank”ning Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha filiallari, shuningdek, info@aloqabank.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadigan loyihalarni ro‘yxatga olish va saralash.

Murojaatlar 2011 yil 1 apreldan 31 maygacha qabul qilinadi.

Ikkinchi bosqich - loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish va saralash 2011 yil 10 iyunga qadar amalga oshiriladi.

Uchinchi bosqich - 2011 yil 20 iyunda tanlov g‘oliblari e'lon qilinadi va loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Tanlov 2011 yil 20 iyungacha yakunlanadi va natijalari ommaviy axborot vositalarida hamda “Aloqabank”ning www.aloqabank.uz saytida e'lon qilinadi.

Tanlov yakunida “Aloqabank” g‘oliblar bilan grant berish bo‘yicha shartnomalar tuzadi va sertifikatlar topshiradi.   

Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun telefon: (8-371) 252-78-03.

Анкетаси   Yuklab olish

Ариза   Yuklab olish

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.