Tanlov g‘oliblari aniqlandi

Tanlov g‘oliblari aniqlandi

Shu yil 16 yanvarda O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasida 2010 yil yakunlariga ko‘ra aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimida OAT “Aloqabank” bir necha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb e'lon qilindi.   

31 tijorat banki, 810 filial, qariyb 4000 mini-bank va maxsus kassalar ishtirok etgan mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 31 oktabrda qabul qilingan “Aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha respublika tijorat banklari o‘rtasida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.

Bu yilgi tanlov dasturi 8 asosiy va 11 qo‘shimcha nominatsiyadan iborat bo‘ldi. Hakamlar qaroriga ko‘ra bankining Jizzax filiali tarkibidagi 2-jamg‘arma/maxsus kassa “Shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi jamg‘arma/maxsus kassasi” asosiy nominatsiyasida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Bankning Toshkent shahar Amaliyot boshqarmasiga tegishli “Mirobod” mini-banki “Shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi mini-banki” asosiy nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bankining Buxoro filiali “Shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi filiali” asosiy nominatsiyasida ikkinchi o‘rin g‘olibi deb topildi. 

"Barqaror” nomli omonat turi “Xorijiy valyutadagi eng yaxshi muddatli depozit” qo‘shimcha nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. 

Shuni ta'kidlash joizki, tijorat banklari faoliyatini rag‘batlantirish va kuchaytirish, ularning investitsion imkoniyatlarini yanada kengaytirish va resurs bazasini mustahkamlash, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan bank-moliya xizmatlari sifatini oshirishga Respublikamiz Prezidentining 2008 yil 28 noyabrdagi “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi omonatlarini himoyalash kafolatlarini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni keng imkoniyatlar yaratdi. Natijada omonatchilarga davlat tomonidan ko‘plab qulayliklar yaratildi. Jumladan, depozit hisobvaraqlaridagi  pul mablag‘lari barcha soliqlardan ozod etildi, ularning manbalari deklaratsiya qilinmaydi, xar bir omonatchi o‘zining pul mablag‘laridan harqanday cheklovlarsiz foydalanishi mumkin.          

Ayni kunlarda OAT «Aloqabank» tomonidan aholiga milliy hamda xorijiy valyutadagi, miqdori va muddati cheklanmagan 32 turdan ko‘proq omonat turlari taklif etilmoqda. 2010 yil yakunlari bo‘yicha omonatlar hajmi 45,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2009 yildagiga qaraganda 30,1 foizga oshgan.

Tanlov g‘oliblariga maxsus diplom va qimmatbaho sovrinlar topshirildi.

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.