Poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan klasterlar tashkil etiladi.

Hozirgi kunda Aksiyadorlik tijorat «Aloqabank» tomonidan xorijiy investisiyalarni jalb qilish va mamlakatimizda yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini har tomonlama o’rganish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil 9 oktyabr kuni AT “Aloqabank” tomonidan umumiy qiymati 87 milliard so’mlik loyiha amalga oshirilib, Toshkent chinni zavodi foydalanishga topshirilgan bo’lsa, endilikda Respublikamizning Buxoro va Namangan viloyatlarida poyabzal klasterlari yaratish ustida ishlanmoqda.

2019 yil 14 oktyabrda Poytaxtimiz Toshkent shahrida AT “Alokabank” va Pekin Universitetining Yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti hamkorligida “O’zbekiston Respublikasida sanoat parklari, klasterlarning rivojlanishi va tarkibiy o’zgarishlar” mavzusidagi xalqaro seminar tashkil etildi. Seminardan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan klasterlarni tashkil etishga qaratildi.

Ayni damda AT “Aloqabank” Pekin Universitetining yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti professori Lin Yifu boshchiligidagi "Xalqaro tahlil markazi" bilan hamkorlikda "O’zbekistonda poyabzal klasterini yaratish uchun sanoat parklaridan foydalanish" qo’shma loyihasi amalga oshirilmoqda. Uni amalga oshirish uchun "Bunaf" MChJ tashkil etilgan. Ushbu korxonaning ta'sischilari - xususiy investor va Aloqabank qoshida tashkil etilgan "Aloqa Aktiv" MChJ investision kompaniyasi hisoblanadi.

Loyiha 4 bosqichga bo’lingan bo’lib, 1-2-bosqichlari O'zbekiston va Xitoyda amalga oshirilgan. Ya'ni mamlakatimizning poyabzal ishlab chiqarish salohiyatini o’rganish va Xitoy ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish ishlari olib borilgan. Hozirda 3-bosqich seminar tarzida o’tkazilmoqda. Bu orqali ekspertlarning fikri o’rganiladi. So’nggi bosqichda esa loyihaga doimiy investisiyalar jalb qilinishi kutilmoqda.

Namangan va Buxoro viloyatlarida xorijiy investitsiya asosidagi mazkur loyiha amalga oshirilganidan so'ng 3,5 mingdan ortiq yangi ish o'rnini yaratish shuningdek, har yili 2,0 mln juft eksportbop oyoq kiyimlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

 

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.