AT «Aloqabank» va Alibaba hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi

Aksiyadorlik tijorat «Aloqabank»ning bosh ofisida bank rahbariyati va Alibaba Strategik hamkorlik markazining Bosh kotibi, janob Xin CHENG bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar o‘zaro kooperatsiyaga katta qiziqish bildirib, kelgusi hamkorlik bo‘yicha fikr almashdilar. Uchrashuvda elektron tijoratni rivojlantirish, b2b onlayn platformani yaratish (marketpleys), Alipay to‘lov tizimi bilan integratsiyalashish, bankning raqamli transformatsiyasi, kompaniyalar o‘rtasida tajriba almashish singari hamkorlikning muhim va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tadbirda ushbu uchrashuv ikki kompaniya o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Ishtirokchilar uni har ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishiga ishonch bildirdilar. AT «Aloqabank» uchun ushbu hamkorlik elektron tijorat singari muhim yo‘nalishni rivojlantirish, onlayn-platforma va to‘lov tizimini joriy etish hisobiga bank mijozlari sonini oshirish bo‘yicha ulkan istiqbollar eshigini ochadi. O‘z navbatida, Alibaba uchun ham bu O‘zbekiston bozoriga kirish uchun ajoyib imakoniyatdir. Modomiki, Alibaba - Internet-kompaniya ekan, ushbu sohada anchadan buyon ishlab kelayotgan AT "Aloqabank" kompaniya  uchun eng yaxshi va foydali sherik hisoblanadi.

Alibaba — Internet-savdo va elektron tijorat sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniya Alibaba Group kompaniyalar guruhiga kiradi va Nyu-York fond birjasida savdo qiladi. Birjada aksiyalarni ilk marotaba ommaviy joylashtirish tarixiy voqea bo‘lgan va rekord o‘rnatilgan — Alibaba Group ning qimmatli qog‘ozlari 25 milliard AQSH dollariga sotilgan. Bugungi kunda Alibaba Group kapitalizatsiyasi 500 milliard AQSH dollaridan oshadi.

     

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.